Maqolalar
Qo‘l titrashi va Parkinsonning erta belgilari
Qo‘l titrashi har doim ham jiddiy kasallik alomati emas — charchoq, ortiqcha kofe yoki hayajon ham qo‘lni titratadi. Ammo nevrologlar uchun bitta savol hal qiluvchi ahamiyatga ega: qo‘lingiz qachon titraydi — tinch turganda yoki biror ish qilayotganda? Ana shu bitta savolning javobi ko‘pincha ikki butunlay boshqa holatni ajratib beradi.
Tinch holat tremori va harakat tremori
Bu farqni uyda ham sezish mumkin.
- Tinch holatdagi tremor — qo‘l tizzada yoki stol ustida bo‘shashib turganda titraydi, biror narsani olmoqchi bo‘lganingizda esa titrash kamayadi yoki yo‘qoladi. Ko‘pincha bir qo‘ldan boshlanadi. Bu Parkinson kasalligiga xosroq belgi.
- Harakat tremori — aksincha, qo‘l tinch turganda deyarli titramaydi, lekin choy quyayotganda, qoshiqni og‘izga olib borayotganda yoki imzo chekayotganda titrash kuchayadi. Odatda ikkala qo‘lda bo‘ladi, boshning «ha-yo‘q» tarzida sekin tebranishi qo‘shilishi mumkin. Bu ko‘pincha essensial tremor deb ataladigan holat.
Essensial tremor Parkinsondan ko‘ra ancha ko‘p uchraydi, ko‘pincha oilaviy bo‘ladi va yillar davomida juda sekin o‘zgaradi. U hayotni qiyinlashtirishi mumkin, ammo Parkinson kasalligi bilan bir narsa emas.
Parkinson kasalligining erta belgilari
Ko‘pchilik Parkinsonni faqat titrash bilan bog‘laydi, aslida esa kasallik ancha oldin, boshqa belgilar bilan boshlanadi. Titrash umuman bo‘lmasligi ham mumkin.
- Hid sezishning susayishi — atir, qahva yoki ovqat hidini sezmay qo‘yish. Bu ba’zan harakat belgilaridan bir necha yil oldin paydo bo‘ladi;
- Yozuvning maydalashuvi — bir jumla yozganda harflar asta-sekin kichrayib boradi, satr oxiri boshiga qaraganda ancha mayda chiqadi;
- Harakatlarning sekinlashuvi — kiyinish, tugma qadash, tishni yuvish odatdagidan uzoqroq vaqt oladi;
- Yurishda o‘zgarish — qadamlar mayda bo‘ladi, bir qo‘l yurganda tabiiy tebranmay qoladi;
- Yuz ifodasining kamayishi — atrofdagilar «xafamisiz?» deb so‘rayveradi, holbuki kayfiyat yaxshi;
- Ovoz o‘zgarishi — ovoz pasayadi, gap bir maromda, ifodasizroq chiqadi;
- Uyqudagi tushni «o‘ynash» — uyquda qo‘l-oyoq bilan urish, baqirish, karavotdan yiqilib tushish. Bu alohida e’tibor talab qiladigan belgi;
- Doimiy ich qotishi — parhez o‘zgarmagan bo‘lsa ham yillar davomida davom etadigan.
Bu belgilarning bittasi alohida holda hech narsani anglatmasligi mumkin. Ular bir necha bo‘lib, sekin-asta kuchayib borsa — nevrolog ko‘rigi zarur.
Titrashning boshqa sabablari
Nevrolog albatta boshqa, ko‘pincha oson tuzatiladigan sabablarni ham istisno qiladi:
- Qalqonsimon bez funksiyasining oshishi — bunda titrash ozish, yurak tez urishi va terlash bilan birga keladi;
- Ba’zi dorilarning ta’siri;
- Ortiqcha kofein, uyqusizlik, kuchli stress;
- Qonda qand yoki ba’zi vitaminlar miqdorining pasayishi;
- Spirtli ichimlikni tashlaganda yuzaga keladigan holat.
Qachon nevrologga borish kerak
- Titrash bir qo‘ldan boshlangan va tinch holatda sezilsa;
- Titrashga qo‘shimcha ravishda sekinlashuv, yurish yoki yozuv o‘zgarishi qo‘shilgan bo‘lsa;
- Titrash oylar davomida kuchayib borayotgan bo‘lsa;
- Kundalik ishlarga — yozish, ovqatlanish, kiyinishga xalaqit bera boshlagan bo‘lsa;
- Hid sezish yo‘qolgan yoki uyquda faol harakatlar paydo bo‘lgan bo‘lsa.
Ko‘rikda nima bo‘ladi
Parkinson kasalligi tashxisi asosan nevrolog ko‘rigi asosida qo‘yiladi: shifokor mushak tonusini, harakat tezligini, muvozanatni va yurishni tekshiradi, titrashning turini aniqlaydi. Qo‘shimcha tekshiruvlar — qon tahlillari, qalqonsimon bez gormonlari, kerak bo‘lsa bosh miya tasviri — ko‘proq boshqa sabablarni istisno qilish uchun buyuriladi. Bitta universal «Parkinson tahlili» yo‘q, shuning uchun tajribali shifokor ko‘rigi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Erta murojaat nima beradi
Ikkala holatda ham vaqtida boshlangan kuzatuv katta farq qiladi. Essensial tremorda ko‘pincha turmush tarzini moslash va shifokor tanlagan davolash yordam beradi. Parkinson kasalligida esa erta boshlangan davolash va muntazam jismoniy mashqlar mustaqillikni uzoq yillar saqlab qolishga imkon beradi. Eng yomon yo‘l — «yoshim yetdi-da» deb yillab kutish.
Doctor Hasan Medical Centerda
Markazimizda nevrologlar titrashning turini aniqlab, uni keltirib chiqargan sabablarni bosqichma-bosqich tekshiradi va zarur bo‘lsa endokrinolog bilan birga baholaydi. Agar qo‘l titrashi sizni yoki yaqiningizni tashvishga solayotgan bo‘lsa, telefon orqali yoki sayt orqali qabulga yozilishingiz mumkin.
Qabulga borishdan oldin uyda nimani kuzatish kerak
Nevrolog uchun eng qimmatli ma’lumot — titrashning qanday sharoitda paydo bo‘lishi. Ko‘rikdan oldin bir hafta davomida oddiy kuzatuv yuriting va quyidagilarni yozib boring:
- Titrash kunning qaysi vaqtida kuchayadi;
- U tinch holatda sezilaydimi yoki biror ish qilganda;
- Bir qo‘ldami yoki ikkalasida;
- Charchoq, hayajon yoki kofedan keyin o‘zgaradimi;
- Qanday harakatlar qiyinlashgan — imzo chekish, choy quyish, tugma qadash.
Foydali maslahat: telefonda qisqa video yozib oling — qo‘l tizzada bo‘shashib turgan holat va bir stakan suv quyayotgan holat. Qabul paytida titrash ba’zan «yashirinib qoladi», video esa shifokorga aniq manzara beradi. Doimiy ichadigan dorilaringiz ro‘yxatini ham olib boring.
Muhim: ushbu maqola faqat ma’lumot berish uchun yozilgan va shifokor maslahatini almashtirmaydi. Aniq tashxis va davolash rejasi uchun mutaxassisga murojaat qiling.
Shu yo‘nalish bo‘yicha shifokorlarimiz

